Toshkent shahriga har kuni kirib kelayotgan katta miqdordagi avtotransport vositalarini hisobga olgan holda, tirbandlik muammolarini hal etish hamda poytaxtdagi transport oqimini tartibga solish bo'yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda har kuni 300 mingga yaqin avtotransport vositasi shahar atrofidan poytaxt hududiga kirib keladi. Bu esa, ayniqsa, kunning tig'iz vaqtlarida markaziy ko'chalarda tirbandliklarning sezilarni oshishiga sabab bo'lmoqda.
Ushbu holat harakatlanish muhitiga salbiy ta'sir ko'rsatib, fuqarolarning vaqti yo'qotilishi, qolaversa ekologik vaziyatning og'irlashishiga olib kelmoqda.
Poytaxtga kirish nuqtalarida-shahar chegaralariga yaqin hududlarda-zamonaviy va qulay turargohlar tashkil etilishidan asosiy maqsad, shahar atrofidan kelayotgan haydovchilar istaklariga ko'ra avtotransport vositalarini mazkur turargohda qoldirishi va manzillariga tezkor va xavfsiz jamoat transporti (metro,avtobus) orqali yetib olishi imkoniyatini yaratishdan iborat.
Ushbu turargohlar faqat qo'shimcha ixtiyoriy qulaylik bo'lib, haydovchilar o'z istagiga ko'ra avtomobilni qoldirib, jamoat transportidan foydalanishi mumkun.
Mazkur tizim tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan bo'lib, majburiy chora emas, balki mehmonlar uchun transport tanlovini kengaytiruvchi samarali mexanizmdir.
Turargohlar shaharga kirish yoki avtomobil harakatini cheklashni nazarda tutmaydi.