Shota Rustaveli ko‘chasida harakat tartibida o‘zgarishlar — diqqat bilan tanishing!

Chop etish Sahifani ulashish
07.10.2025 171 Yangiliklar

Ushbu hududda avtobuslarga ustuvorlik qoidasiga rioya qiling.

Yo‘l harakati ishtirokchilari diqqatiga!

 

2025-yil 7-oktabrdan boshlab Shota Rustaveli ko‘chasida markaziy avtobus yo‘lagi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Birinchi bosqichda ushbu yo‘lak orqali 38-, 57- va 58-sonli avtobus yo‘nalishlari harakatlanadi.

Loyiha maqsadi — jamoat transportiga ustuvorlik berish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘lovchilar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratishdir.

Quyida ushbu hududda harakatlanish bo‘yicha qisqa qo‘llanma bilan tanishing:

Yo‘lovchilar uchun:

— Avtobuslar endi yo‘lning o‘rta qismidagi maxsus ajratilgan yo‘lak orqali harakatlanadi.
— Yo‘lovchilar avtobusga chiqish va tushishni yo‘l o‘rtasida joylashgan maxsus platformalardagi bekatlarda amalga oshiradilar.
— Platformaga faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali chiqing, belgilnanmagan joydan o‘tish qat’iyan man etiladi.
— Avtobusni faqat old tomonidan aylanib o‘ting. Yo‘lovchilar yo‘lni faqat belgilangan piyodalar o‘tish joylari orqali kesib o‘tishlari mumkin.
— Platformada sariq xavfsizlik chizig‘i ortida turing, avtobus to‘liq to‘xtagachgina eshikka yaqinlashing.
— Avval keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolali yo‘lovchilarga yo‘l bering.
— Bekat atrofida to‘xtab, suratga olish yoki telefondan foydalanishda ehtiyot bo‘ling — xavfsizlikni unutmang.

Haydovchilar uchun:

— Shota Rustaveli ko‘chasining o‘rta yo‘lagi faqat avtobuslar harakati uchun mo‘ljallangan.
— Bu yo‘lakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi, to‘xtashi yoki yo‘lni kesib o‘tishi qat’iyan taqiqlanadi.
— Markaziy yo‘lakda avtobuslarga ustuvorlik beriladi. Ruxsat etilgan kesishmalarda avtobus harakatiga yo‘l bering.
— Ikki yo‘nalishda ham chapga burilish va ortga qayrilib olish taqiqlangan.
— Chapga burilish yoki qayrilish zarur bo‘lgan haydovchilar belgilangan chorrahalar orqali harakatlanishlari lozim.

 Markaziy avtobus yo‘lagi — Toshkent transport tizimini zamonaviylashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan hamkorlik, ehtiyotkorlik va madaniyatli harakatlanish so‘raladi.

 

Hurmat bilan,
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi